"UzAutoCepla" MChJ da O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida korxona faoliyati natijalari, erishilgan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari, investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifatini oshirish va ularni, jumladan, tashqi bozorlarda sotish hajmini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari taqdim etildi. Ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, eksport salohiyatini kengaytirish va ishlab chiqarish jarayonlari samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirning muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 22-avgustdagi PF-168-son Farmoniga muvofiq, "UzAutoCepla" MChJ QKning olti nafar xodimiga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonining tantanali ravishda topshirilishi bo‘ldi.
"UzAutoCepla" jamoasi uchun mazkur e’tirof alohida ahamiyatga ega bo‘lib, xodimlar va korxonaning O‘zbekiston avtomobil sanoatini rivojlantirishga qo‘shayotgan professional hissasining munosib baholanganini ifodalaydi.
Bugungi kunda kompaniya faoliyati polimer kompaundlar ishlab chiqarishni izchil rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish hamda zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan. Mazkur strategik yo‘nalishlarni amalga oshirish mamlakatning mahalliy ishlab chiqarish bazasini mustahkamlash, shuningdek, avtomobilsozlik va elektrotexnika sanoati kabi muhim tarmoqlarni yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
"O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlanish nafaqat erishilgan natijalarning yuksak bahosi, balki "UzAutoCepla" jamoasi uchun yangi yutuqlarga intilishda muhim rag‘bat bo‘ldi. Mazkur e’tirof xodimlarni samarali mehnatni davom ettirish, mehnat unumdorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda istiqbolli investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga undaydi.
